Shopping Cart

Kitob – Anons

Эҳтиром – kitobi haqida annotatsiya

O‘zbek adabiyotining zabardast darg‘alaridan biri – Abdulla Qahhor nasri haqida so‘z ketganda, mazmunan salobatli, kitobxonni birinchi jumlasidanoq bog‘lab oluvchi maftunkor, milliy kalorit butun go‘zalligi bilan to‘la ma’noda aks etgan durdona asarlar ko‘z o‘ngimizda gavda-lanadi. Adib haqidagi xotiralar bilan tanishgan o‘quvchida Abdulla Qahhor shaxsiga nisbatan uyg‘ongan hurmat asarlariga bo‘lgan mehrdan kam bo‘lmasligi muqarrar. Qo‘lingizdagi «Ehtirom» deb atalgan mazkur kitobda muallif o‘quvchini, avvalo, Abdulla Qahhor xonadoni uy-muzeyiga chorlaydi, adib hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq muhim tafsilotlar bilan tanishtiradi.

Kitob mundarijasi quyidagilardan iborat:

Abdulla Qahhor («Adiblar xiyoboni»dagi o‘ylar)
Millatimiz vijdoni
Qutlug‘ xonadon
Jur’at va jasorat
Ayol sha’ni
Tesha tegmagan gaplar
«O‘tmishdan ertaklar»
Bizga Saidalar kerak
Baribir, Qahhor bo‘lolmayman
Yuzma-yuz
Yashasin ayollar
Men artist emasman-ku
Himmat
«Yoshlar bilan suhbat»ning takdiri
Burungi va bugungi to‘ylar
Hoy, uyat bo‘ladi-ya
Abdulla Qahhor (Badiiy-hujjatli film uchun stsenariy)
Nodon bo‘lmang
Abdulla Qahhorning baxti
O‘g‘illar qismati
Bolaparvar adib
Bir yaxshiga bir yomon
Alvido, bobojon
Kutilmagan mehmonlar
Otamning do‘sti
Havasim kelardi
Mening mulohazalarim
San’atning zukko bilimdoni
Og‘ir judolik
Yig‘lab borib, yig‘lab qaytganmiz
Xotirasi abadiy barhayot
Sog‘inch va armon
Abdulla Qahhor tabassumi

ABDULLA QAHHOR
("Adiblar xiyoboni"dagi o‘ylar)

Mir Alisher Navoiyni yod etib,
Boburu Muqimiy ruhin shod etib,
Ko‘ngil uyin she’r birlan obod etib,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Yunus Rajabiyni ko‘rib sog‘-omon,
G‘afur G‘ulom, Oybek bilan yonma-yon,
«O‘tmishdan ertaklar» aytib biz tomon,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Yoshlarning sog‘ingan ko‘zlari yonib,
Yurakda jo‘sh urgan so‘zlari yonib,
Andak hayajondan yuzlari yonib,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Qo‘llari ta’zimda, dilda iftixor,
Shogirdlar ustozni kutar intizor.
Har biriga atab bittadan «Anor»,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Erkin bilan dildan suhbat qurgali,
G‘azallarin tinglab, xayol surgali,
Abdullaga qalqon bo‘lib turgali,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Hoy, «Men partiyaning soldati emas,
Ongli a’zosiman!» bilib qo‘ying, bas!
Deya yubileydan chiqib shu nafas,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Ustozni qutlay deb, daryoday toshib,
Shuhratdek shogirdlar turganda shoshib,
Ulardan oldinroq oltmishdan oshib,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Quchoq, ochib ustozga Said Ahmad,
Quvonchiga sig‘may Odilu Asqad.
Pirimqul Qodir der, baland tutib qad,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Matyoqub, Ozod, Umarali, Norboy,
Adabiy tanqidda sharqiragan soy.
Ularga ilinib yuragidan joy,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Yulduzday charaqlab O‘tkiru Shukur,
Qissalar yozmishlar el aro mashhur,
Ularning boriga qilib ming shukr,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Uchqunu O‘lmasga aytarin o‘ylab,
Aytarin Kibriyoxonimga so‘ylab,
Bolalikdan sevgan qo‘shig‘in kuylab,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

Bir yonda Oydinu Gulchehralar jam,
She’r ishqida yonib dillari shu dam,
Derdilar hozirlab qog‘oz va qalam,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor.

«Muhabbat»ga to‘lib qalbi limmo-lim,
Bermoq uchun nazmu nasrdan ta’lim,
Mehr-oqibatli aziz muallim,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor

Bilim olmoq uchun o‘qing, deb kitob,
Bugungi yoshlarga qilgali xitob,
Yangi O‘zbekiston bag‘riga shitob,
Qahhor kelayotir, Abdulla Qahhor…

11 noyabr, 2020 yil

MUALLIF

Nuriddin
Ochilov

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini bitirgan. Mehnat faoliyatini O‘zbekiston televideniyesining “Yoshlik” studiyasida kichik muharrirlikdan boshlab, chorak asr davomida muharrir, katta muharrir, bo‘lim mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari, siyosiy sharhlovchi va O‘zbekiston teleradiokompaniyasi Jurnalistlari Uyushmasi raisi lavozimigacha bo‘lgan ijodiy yo‘lni bosib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida yetakchi va bosh konsultant, viloyat hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasida matbuot kotibi – ijtimoiy-gumanitar fanlar xizmati rahbari o‘rinbosari, NNT Bosh muharriri hamda Toshkent moliya institutida yoshlarga ta’lim-tarbiya berish vazifalarida faoliyat ko‘rsatdi. Ayni paytda mazkur institutda ilmiy-adabiy maslahatchi.

2021-2024 yil Axborot-resurs markazi. Vebmaster: J.R. Rabbinov