Shopping Cart

Infolib O’zbekiston-2021

2021 yil 8-noyabr kuni “INFOLIB O’ZBEKISTON-2021” X Milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi.

Bugun, 8 noyabr kuni X Milliy axborot-kutubxona haftaligiga start berildi. Haftalikning tantanali ochilish marosimi bir vaqtning o`zida O`zbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot-kutubxona markazlarida tashkil etildi.

Bu haqda Darakchi gazetasi habar bermoqda. Qayd etilishicha, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasida bo`lib o`tgan tadbirda soha mutaxassislari, olimlar, taniqli adiblar, adabiyotshunoslar, jurnalistlar hamda keng jamoatchilik qatnashdi.

Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjaev ham so`zga chiqdi.

“Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish va ularning bo`sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni keng targ`ib qilish bo`yicha belgilab berilgan muhim vazifalar bugungi kunda umummilliy harakatga aylanib bormoqda”, — deya ta`kidladi AOKA rahbari. 

“Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ`ib qilish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilyapti, kitob targ`iboti orqali xalqimiz ma`naviyatini yuksaltirish, kitobxonlik an`analarini keng targ`ib qilish, elektron va audio kitoblar yaratish, milliy va xalqaro tanlovlar, ko`rgazma-yarmarka va boshqa ommaviy tadbirlarni tashkil etilmoqda. Mazkur haftalik ham axborot-kutubxona faoliyati sohasini yanada rivojlantirish, foydalanuvchilarga xizmat ko`rsatishda yangi texnologiyalarni keng joriy etish bilan bog`liq ko`plab masalalar echimini topishda o`ziga xos axboriy platforma vazifasini bajaradi, deb ishonaman”, — deydi Asadjon Xodjaev.

Tadbirda shuningdek, navoiyshunos olim, professor, O`zbekiston  Fanlar akademiyasi akademigi  Abdulla A`zam, professor Abdusalom Umarov, Turkiyaning O`zbekistondagi elchixonasi vakili Alparslon Akinji va boshqalar kitobxonlik haftaligining ahamiyati xususida o`z fikrlarini bildirishgan.

Ta`kidlanishicha, kitobxonlik haftaligi O`zbekiston Milliy kutubxonasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi axborot-kutubxona markazlarida bo`lib o`tadi. Haftalik doirasida kitob taqdimotlari, ilm-fan, madaniyat va jamoat arboblari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, mutaxassislar uchun axborot-kutubxona tizimini takomillashtirish yuzasidan qabul qilingan me`yoriy hujjatlar mazmunini o`rganishga doir seminar-treninglar, davra suhbatlari, dasturiy mahsulotlar taqdimotlaridan iborat 45ga yaqin tadbir o`tkaziladi.

Eslatib o`tamiz, haftalik 12 noyabrga qadar davom etadi.

2021-2024 yil Axborot-resurs markazi. Vebmaster: J.R. Rabbinov