Shopping Cart

“Ibratli umr yo’llari” nomli kitob taqdimoti

Toshkent moliya institutida Hikmat Sobirov tavalludining 100-yilligiga bagʻishlangan “Moliya tizimini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari va istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

2023-yil 24-may kuni Toshkent moliya institutida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Hikmat Sobirov tavalludining 100-yilligiga bagʻishlangan “Moliya tizimini rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari va istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.

Anjuman 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish, moliya sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha strategik vazifalarni belgilab olish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi doirasida oliy taʼlimni modernizatsiya qilish, ilmiy salohiyatni oshirish, taʼlim va fanni rivojlantirish yoʻlida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil qilindi.

Anjumanda professor Sobirovning farzandlari tomonidan tayyorlanib, nashr etilgan “Ibratli umr yoʻllari” deb nomlanuvchi tanlangan asarlar toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Olimning farzandlari ushbu nodir asarlar toʻplamini institut jamoasiga tuhfa etar ekan, Oʻzbekiston hududida moliyaviy munosabatlar va davlat moliyasining paydo boʻlishi va rivojlanishini oʻrganish istagida boʻlgan izlanuvchilarga ushbu kitob munosib ilmiy manba boʻlib xizmat qiladi, deb umid bildirdilar.

Anjumanda soʻz olgan institut rektori Teshabayev Toʻlqin Zakirovich: “Ushbu “Ibratli umr yoʻllari” deb nomlangan kitobni varaqlar ekanman, institutimizning nafaqat mamlakat iqtisodiyoti uchun malakali moliyachi mutaxassislarni tayyorlaydigan yetuk maktab, balki zabardast olimlarni yetishtirib bergan muqaddas va muazzam maskan ekanligidan faxrlandim. Domlaning hayoti, ota-buvalari, oilasi haqidagi noyob maʼlumotlarni, Turkiston va Oʻzbekiston moliyasi tarixi borasidagi nodir materiallarni, “Davlat moliyasi tarixi” deb nomlangan yirik monografik asarlarini oʻrganib chiqib, toʻgʻrisi, domla bilan birga ishlash, suhbatdosh boʻlish, oʻgitlaridan baxramand boʻlish baxtiga musharraf boʻlmaganimdan afsuslandim. Ammo bugungi tezkor davrda ustozni xotirlab, hurmat koʻrsatayotgan ustozning izdoshlari va shogirdlariga, ushbu toʻplamni tayyorlab, oʻquvchilarga tuhfa qilishda jonbozlik koʻrsatgan va otasining nomini sharaflab, xotirasiga izzat-ikrom koʻrsatayotgan farzandlariga oʻzimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman va, oʻz navbatida, bunday tadbirlar ilmga sadoqat bilan xizmat qilish xissini yoshlar qalbi va shuuriga singdirishda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlishiga ishonaman”, deb taʼkidladi.

Mazkur kitob taqdimotida Toshkent moliya instituti axborot resurs markazidan, ikkinchi toifa kutubxonachi F.A.Azimova ishtirok etdilar.

2021-2024 yil Axborot-resurs markazi. Vebmaster: J.R. Rabbinov