Shopping Cart

Central Asia – 2022

Andijon shahrining “Yoshlar markazi”da “Central Asia–2022: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XV Xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi.

2022-yil 25-may kuni Andijon shahrida “Central Asia-2022: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda Internet va axborot-kutubxona resurslari” XV yubiley Xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori M.Raxmatullayev olib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.Xodjayev konferensiya ishtirokchilarini qutlar ekan, uning o‘n besh yildan buyon egallab kelayotgan nufuzi, O‘zbekistonda kutubxona sohasi rivojidagi o‘rni haqida alohida to‘xtaldi. Shuningdek, u hukumatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tiborni ta’kidlab o‘tdi. “Har qanday davlatning rivojlanishi, uning iqtisodiy muvaffaqiyatga va xalq farovonligiga erishishi hukumat tomonidan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga, ularning kelajagiga qaratilayotgan e’tibor darajasiga bog‘liqdir. Bilim, ta’lim, o‘qish, kitobsiz shakllana olmaydigan intellektual kapitalni ko‘paytirmasdan turib davlat rivojlanishi mumkin emas.

Bugungi kunda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal o‘sishiga qaramay, aynan kitob va mutolaa jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishining asosiy elementiga aylanib bormoqda. Co‘nggi yillarda mamlakatimiz hukumati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusni amalga oshirishga katta turtki bergan axborot-kutubxona va nashriyot-matbaa sohasini isloh qilishga alohida e’tibor qaratmoqda,” — dedi A.Xodjayev va bu borada yoshlar ma’naviyatini oshirish maqsadida kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, aholining kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar dasturi haqida ma’lumot berdi.Ochilish marosimida Andijon viloyat hokimi o‘rinbosari Azizbek Maqsudov, Rossiya davlat kutubxonasi Bosh direktori, Evroosiyo Kutubxona Assambleyasi Prezidenti V.Duda (onlayn), Qozog‘iston Milliy kutubxonasi direktori Bakitjamal Ospanova (onlayn), Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir filialining Davlat jamoat ilmiy-texnik kutubxonasi direktori Irina Lizunova (onlayn)lar so‘zga chiqib, mazkur konferensiyaning nufuzi, uning halqaro hamkorlik kesimida tutgan o‘rni, O‘zbekiston kutubxona sohasi tajribasi yutuqlarini e’tirof etdilar hamda konferensiya ishida omad tiladilar.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori U.Teshabayeva ham konferensiya ishtirokchilarini qutladi hamda o‘tgan davr davomida kutubxonalar, arxivlar, ta’lim muassasalari va boshqa tegishli tashkilotlar o‘zining tematik yo‘nalishi va zamonaviy amaliyotiga alohida e’tibor qaratganligi sababli ushbu xalqaro forum o‘zining alohida nufuziga ega bo‘lganligini e’tirof etdi. “Konferensiya an’anaviy ravishda nafaqat axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislarini, balki tegishli sohalar mutaxassislarini ham birlashtiradi va kitob sohasini rivojlantirishning strategik istiqbollarini tahlil qilish uchun ko‘lami va ahamiyati bo‘yicha noyob munozaralar maydonchasi vazifasini o‘taydi. Axborot texnologiyalari asrida ilg‘or pedagogik usul va vositalarni tarqatish orqali yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, elektron axborot resurslarini shakllantirish, axborot-kutubxona tizimlarini yaratish va ulardan axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylarda foydalanish bo‘yicha samarali tajriba almashishga ko‘maklashish, axborot-kutubxona xizmati sharoitida foydalanuvchilar axborot madaniyati va media savodxonligini rivojlantirishga ko‘maklashishni maqsad qilgan mazkur anjuman sohada yangi axborot va Internet texnologiyalarini ishlab chiqish va kutubxona amaliyotiga samarali joriy etish bo‘yicha ekspertlar uchun fikr almashish imkonini berishiga ishonamiz”, — dedi U.Teshabayeva va konferensiya ishida barchaga ulkan zafarlar tiladi.

“Central Asia–2022: Fan, ta'lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XV Xalqaro konferensiyasida Toshkent moliya instituti axborot-resurs markazi direktori Kayumova Nasiba Akbarovna ham ishtirok etmoqdalar.
2021-2023 yil Axborot-resurs markazi. Vebmaster: J.R. Rabbinov