Shopping Cart

Rektor bilan suhbat

Toshkent moliya instituti rektori, professor Teshabayev To’lqin Zakirovichning “O’zbekiston talabasi” jurnali muhbiri bilan suhbati.

— To’lqin Zakirovich, dastlab institut tarixi hamda bugungi kundagi faoliyati haqida ma’lumot berib o‘tsangiz. Bilishimizcha, Toshkent moliya instituti mustaqillik tengdoshi…

– Darhaqiqat, Toshkent moliya instituti 1991-yil 13-mayda Toshkent xalq xo’jaligi institutining moliya-kredit va hisob-iqtisod fakultetlari negizida tashkil etildi. Institut rektori lavozimiga iqtisod fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi Murod Sharifxo’jayev tayinlandi. Toshkent moliya institutida 1991-yil sentabr oyidan boshlab 5 fakultet tarkibida tegishli yo’nalishlar hamda 20 ga yaqin kafedra ish faoliyatini boshlagan.
Bugungi kunda Toshkent moliya institutida 15 mingdan ortiq talaba-yoshlar tahsil olmoqda. Shuningdek, institutda 900 dan ortiq professor-o’qituvchilar, ishchi-xodimlar faoliyat yuritishmoqda. Professor o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yanada oshirish borasida qator amaliy harakatlar olib borilmoqda. Ma’lumot o’rnida aytish kerakki, 2022-yiI yakuni bo’yicha institut professor-o‘qituvchilar tarkibida ilmiy darajalilar 57,3 foizni tashkil etdi. 2021-yil yakuniga ko‘ra bu ko’rsatkich 46,9 foizni tashkil qilgan edi. Ya’ni hisobot yilida institut ilmiy salohiyati 6,9 foizga oshdi.
2022-yilda kafedralar tomonidan 73 ta patent va mualliflik guvohnomalari olishga erishildi. Ushbu patent va mualliflik guvohnomalarni tijoratlashtirish iqtisodiyotimiz soha va tarmoqlari bilan hamkorlikda amaliyotga joriy etilmoqda. Innovatsion faoliyat, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy qilish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga asosiy e’tibor qaratildi. Institutda ilmiy innovatsion ishlanmalar bo’yicha elektron katalogi shakllantirildi va rasmiy veb-saytga joylashtirildi. Institutda olingan natijalarni ishlab chiqarishga joriy etish va ilmiy faoliyatning natijaviyligini yanada samarali amalga oshirish maqsadida 13 ta, jumladan 5 ta xalqaro, 5 ta respublika hamda 3 ta vazirlik miqyosida ilmiy-amaliy konferensiyalar yuqori saviyada tashkil etildi.

— Bilishimizcha, TATUda rektor bo’lib ishlaganingizda birinchilardan bo’lib, rektor portalini ishga tushirgan ekansiz. Bunga nima sabab bo’lgan edi? Portal naf berganmidi va bu tajribani TMIda ham qo’llayapsizmi?

– To‘g‘ri aytdingiz, TATUda rektor portalini ishga tushirganman, bunga sabab, rektor sifatida eng birinchi vazifa – bu talabalarning muammolari, ularning hayoti, dardi, tashvishi va quvonchi, xohish-istaklarini o’rganish va ular bilan birga nafas olish, birga yashashdir, men shunday tushunaman, boshqacha tasavur qilolmayman. Talabalarning fikrini o’rganib borish, ularning muammolarini bilish maqsadida portal tashkil etildi va bu o‘z natijasini berdi, albatta. Bilasizmi, talabalik eng beg’uborlik davri — fikrlar beg’ubor, qarashlar beg’ubor, hayotga bo’Igan munosabat beg’ubor, maqsadlar yuksak, marralar yuqori, mana shu yo’lda ularning fikrlarini tinglash va murojaatlarini qabul qilish, ularning yechimiga yordam berish eng muhim masaladir.
Esimda bor, o‘sha paytlari talabalar nainki universitetga doir muammolar, balki shaxsiy hayotiga oid muammolar bilan ham murojaat qilishardi, tushundimki, aksariyat oilalarda tarbiya borasida ancha oqsashlar mavjud, aksariyat holatlarda ota-onalarda farzand tarbiyasiga doir bilimlarning yetishmasligi ma’lum bo’lardi, ushbu holatlarni ham hisobga olgan holda faoliyatimizni yanada jonlantirib borardik. Umuman olganda, portal juda ham yaxshi ish berdi, unga kelib tushgan murojaatlar o’rganilib, talabalarning xohish-istaklari asosida muammolar bartaraf etilib borildi. Albatta, bular natijasida ta’Iim sifatini tubdan yaxshilashga erishdik.

— Siz ilk bor rektor bo’lib kelganingizda oldingizga qanday maqsad va vazifalar qo’ygansiz?

– Har doim qaysi lavozimda bo’lmayin, menga bildirilgan ishonchni oqlashni birinchi o’ringa qo’yganman. Rektor bo’lganimda ham xuddi shunday davlatimiz rahbarining, hukumatimizning menga bildirilgan ishonchlarini oqlashim shart edi. Shu yo’lda birinchi navbatda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan maxsus “Yo‘l xarita” ishlab chiqildi va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu borada birinchi galda o‘quv jarayonini yaxshilashga xizmat qiluvchi moddiy texnik baza tubdan takomillashtirib borilmoqda. O‘quv uslubiy ta’minotni yaxshilash, yangi avlod adabiyotlarini yaratish, ilmiy salohiyatni oshirish va bu ko’rsatkichni 70 foizdan yuqoriga olib chiqish, manaviy-ma’rifiy ishlarning samaradorligini oshirish, talabalarda vatanparvarlik, mehnatsevarlilik, halollik, elparvarlik tuyg’ularini shakllantirish, korrupsiyaga qarshi immuniteti yuqori bo’lgan mutaxassislar tayyorlashga bel bog’laganmiz. Mana shu yo’lda butun institut jamoasi bilan bor imkoniyatlarni ishga solamiz va sidqidildan mehnat qilamiz.

— “Ishlarimning barini kengash bilan yurgizib, uni bitirishda to‘g‘ri tadbir qo’llar edim” — deyiladi “Temur tuzuklarida. Darhaqiqat har bir rahbarning o‘ziga xos boshqaruv usuli, prinsiplari bo‘ladi. siz ham institutda o‘z tartib qoidalaringizni joriy etganmisiz?

– Mening ham o’ziga xos prinsiplarim mavjud, bu prinsiplar va boshqaruv usullari uzoq yillik tajribalar va bilimlar asosida shakllanadi insonda, lekin ularning zamirida ilm bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Shu o’rinda aytishim kerakki, menejment ixtisosligi bo’yicha doktorlik dissertatsiyamni himoya qilganim, professorlik ilmiy unvonini olganim, boshqaruv ilmini yetarlicha o’zlashtirishimga yordam berdi. Shulardan kelib chiqib, rahbar boshqaruv uslubida me’yorni bilishi kerak, barcha munosabatlarda mo’tadil bo’lishi kerak, eng muhimi – adolatli, halol va vijdonli bo’lishi lozim, aks holda prinsiplarning o’zi yetarli emas deb hisoblayman. Yuqoridagilardan kelib chiqib, institutda eng avvalo sog’lom muhit yaratilgan bo’lib, o‘zaro ishonch va hurmatga qurilgan munosabatlar asosida boshqaruv yo’lga qo’yilgan.

— O‘zbekistondagi OTMlar reyting jihatidan dunyo miqyosida yuqori o‘rinlarda turmaydi. Afsuski, bu borada mahalliy universitetlarimizning o‘rni juda quyida joylashgan. Xo‘sh, bu borada mahalliy oliy ta’lim muassasalarimizga qaysi jihatlar yetishmaydi?

– Juda o’rinli savol, meni doimiy qiynaydigan masala – bizning kadrlarimiz xalqaro mehnat bozorlariga chiqsa deyman, buning uchun diplomlarimiz tan olinishi kerak. Savol tug’iladi – qachon tan olinadi? Qachonki OTMlari xalqaro akkreditatsiyalardan o’tsa, undan o’tish uchun o’ziga xos talablar mavjud, ta’lim tizimi to’liq xalqaro mezonlarga javob berishi kerak. Asosan, shu kabi masalalar xalqaro reytingga kirishga ta’sir qilmoqda. Toshkent moliya institutida xalqaro akkreditatsiyadan o’tishga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.

— Oliy ta’lim tizimidagi yangiliklardan biri, bu shubhasiz, milliy reytinglar e’lon qilinishi bo’ldi. Nima deb o’ylaysiz, mana shu reytinglar oliy ta’lim maskanidagi ta’lim sifatini qay darajada obyektiv baholaydi? Milliy ko‘rsatkichlar reytingida TMI yildan yilga yuqori pog’onalarga ko‘tarilib bormoqda, qanday erishilyapti bunga?

– Avvalombor milliy reytinglar e’lon qilinishi OTMlari o’rtasida sog’lom raqobatning paydo bo’lishiga olib keldi, bilasiz, qayerda raqobat bo’lsa o’sha joyda rivojlanish bo’ladi. Albatta ushbu reytinglar har jihatdan ta’lim sifatini obyektiv baholashga xizmat qiladi. Istemolchi talaba ham, ish beruvchi iste’molchi ham, xalqaro hamkorlik qiluvchilar ham ushbu reyting natijalariga qarab xulosa chiqaradilar. Bizning institutimizda ham bu borada ko’plab ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur amaliy harakatlar natijasi o’laroq, oliy ta’lim muassasalarining milliy va xalqaro reytinglarida yuqori o’rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, institutimiz oliy ta’lim muassasalarining umumiy reytingida 3-o‘rinda, ijtimoiy-gumanitar soha bo’yicha oliy ta’lim muassasalari reytingida 2-o’rinda, 2022-yilning noyabr holatiga QS Rankings reytingida Osiyo davlatlari universitetlari ichida 551 — 600-o’rinda va Markaziy Osiyo universitetlari orasida 29-o’rinda ilk bora qayd etildi. Shuningdek, Toshkent moliya instituti Times Higher Education agentligi “World University Rankings — 2023 TOP-1000 talik reytingidan joy olish uchun davogar muassasa sifatida, Universitas Indonesia tomonidan boshlangan yashil kampus va ekologik barqarorlik (UI GreenMetric World University Ranking) xalqaro reytinglaridan joy oldi.

— Institutda “Fan-ta’lim ishlab chiqarish integratsiyasi” yo‘lga qo’yilganmi va bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Institutda “Fan-ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasi” uzluksizligini ta’minlash yuzasidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilib, soha korxona-tashkilotlari, tijorat banklari bilan ta’limni modernizatsiya qilish, ilg’or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, talabalar bandligini ta’minlash, yoshlarimizning amaliy bilim va ko’nikmalarini oshirish borasida qator hamkorlik aloqalari yo’lga qo’yildi. Bundan tashqari, yangi o’quv yili boshida bugungi zamon ta’lim jarayoni va tendensiyalariga mos innovatsion axborot texnologiyalari bilan jihozlangan, zamonaviy shart-sharoitlarga ega yangi o’quv binosi foydalanishga topshirildi. O’tgan 2022-yilda iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy IT texnologiyalarini o’qitishga qaratilgan yangi ta’lim yo’nalishi — Axborot tizimlari va texnologiyalari (moliya-bank tizimida) ochildi va ilk qabul jarayonlari amalga oshirildi. Shu va boshqa ta’lim yo’nalishlarining o’quv rejalari – yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida shakllantirilgan o’quv reja va dasturlari hamda kadrlar asosiy iste’molchilari vakillari ishtirokida atroflicha muhokamadan o’tkazilgandan so’ng shakllantirilmoqda. Toshkent moliya institutida ham so’nggi yillarda yangicha yondashuvlar asosida innovatsion faoliyat olib borish yo’lga qo’yildi. Institutning ko’plab kafedra filiallari amaliyot joylarida o‘z faoliyatlarini boshladilar. Xususan, Toshkent moliya instituti va “TEXNOPARK” MCHJ o’rtasida o’zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida memorandum imzolandi. “TEXNOPARK” MCHJda TMI “Menejment va marketing” kafedrasi filiali 2021-2022-o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshladi, natijada “Fan-ta’lim-ishlab chiqarishning samarali integratsiyasi ta’minlanishiga erishildi. Talabalarga ishlab chiqarish korxonalarida amaliy mashg’ulot darslari 5+1 asosida olib borilishi, ularda olgan nazariy bilimlarini amaliy ko’nikmalar bilan mustahkamlab borish imkoniyatlari yaratildi. Eng muhimi, o’qish davrida 41 nafar iqtidorli talaba tegishli sinovlar asosida “TEXNOPARK” MCHJga ishga qabul qilindi. Shuningdek, bunday hamkorlikka “O‘ZBEKINVEST” AJ, “Aloqabank” ATB, “Turon”ATB kabi tashkilotlar ham jalb etilmoqda.

— Tasavur qilaylik, agar sizda noldan boshlab institut barpo etish imkoni bo‘lganda, u oliy o‘quv yurti qanaqa bo‘lardi?

– Dunyo aqlli texnologiyaga o’tmoqda, shunday ekan, tasavvurimdagi universitet “Raqamli universitet” degan bo’lardim. Barcha jarayonlar raqamlashgan tarzda inson omilisiz, shaffof va adolatli bo’lgan bo’lar edi. Qolaversa, butun dunyoda iqtisodiyotlar raqamli texnologiyalarga asoslanmoqda, xuddi shunga monand holda raqamli universitetga asos solgan bo’lar edim.

Muvafaqqiyatga erishayotgan talabalar haqida gapirib bering?

– 2022-2023-o‘quv yilida Toshkent moliya instituti iqtidorli talabalari ko’plab yutuqlarga erishdilar. Jumladan: 1 nafari Prezident stipendiyasi, 6 nafari Alisher Navoiy nomidagi, 1 nafari Islom Karimov nomidagi, 10 nafari rektor stipendiyasi, 5 nafari Murod Sharifxodjayev nomidagi stipendiya sohiblari bo’ldilar. Institut iqtidorli talabalari o’rtasida “Student Science Week” talabalarning ilmiy haftaligi doirasida turli xil tanlovlar muntazam ravishda o’tkaziladi. G’olib talabalar 5 mln so’mgacha rag’batlantiriladilar.
2022-yilning mart oyida, “Students Cup” tanlovida “Teamwork. uz” startap loyihasi 2-o‘rinni egallab, 6000 AQSh dollari miqdorida pul mukofotiga sazovor bo’ldi. “Uchinchi renesans yoshlar nigohida” respublika tanlovida 2 nafar talabamiz 30 mln so‘m miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. Institut talabalari tomonidan ishlab chiqilgan “HighEd” ta’lim platformasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan e’lon qilingan tanlovda g’olib bo’lib, 300 mln so‘m miqdorida grant mablag’Iariga ega bo‘ldi. Joriy yilda professor-o’qituvchilar va talabalar tomonidan ishlab chiqilgan 2 ta loyiha institut tomonidan jami 510 mln so’mga moliyalashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining maxsus stipendiyasini tayinlash to‘g‘risidagi qaroriga asosan 3 bosqichli tanlovda 36 nafar talabamiz ishtirok etib, so’nggi bosqichda 7 nafar talabamiz “Markaziy bankning maxsus stipendiyasi” sohibi bo‘ldi. Mazkur talabalarga 9 oy davomida 900 ming so‘m miqdorida stipendiya to‘lanadi. Ular darsdan tashqari vaqtda stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo’ldilar hamda 4-kursni tugatgach, ishga qabul qilinishi belgilandi. Shuningdek, tijorat banklari tomonidan e’lon qilingan stipendiyalarda 100 dan ortiq Toshkent moliya instituti talabalari g’olib bo’lganlar.

— Shaxs sifatida bugungi davrga baho bera olasizmi? Umuman, dunyo qanday o‘zgarayotgani haqida mulohazalaringiz…

– Albatta, bugungi kunda shaxs va jamiyat munosabatlari boshqa davrlarga qaraganda anchayin xilma-xil va o’ziga xosdir. Ayni davrda jamiyatdagi kishilarning bir-birlariga ta’sir o’tkazishlari nihoyatda kuchayganligi ham haqiqatdir. O’z navbatida, bunday vaziyatlar har birimizdan yon-atrofga uyg’oq nigoh, teran aql bilan qarashni taqozo etadi. Har bir insonning shaxs sifatida shakllanish jarayoniga shaxslararo munosabatlardan tashqari, jamiyatdagi mavjud siyosiy doiralar va mafkuraviy qarashlarning ham ta’siri har qachongidan ham nihoyatda katta ekanligini e’tiborga olsak, bugungi davr bizning oldimizga qator vazifalarni oqilona bajarish siyosatini qo’yadi. Bugungi dunyo jamiyati mintaqalar va davlatlar orasida o’zaro do’stona aloqalarni rivojlantirish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash va bu orqali mamlakatlarning iqtisodiy barqarorligi uchun yetarli zaruriy shart-sharoitlarni yaratish yo’lida izchil harakatlanmoqda.
Bundan tashqari, har birimiz doimo yodda tutishimiz shart bo’lgan yana bir jihat – bu ilmga e’tiborni yanada kuchaytirishimiz kerakligidir. Har bir zamon ulug’larining jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishga undashlari, targ’ib qilishlari ham bejiz emas. Xo‘sh, biz qachon ma’rifatli bo’lamiz, qachonki ilmli bo’lsak, qachonki ilmimizga amal qilsak!

— To‘lqin aka, samimiy va oshkora suhbatingiz uchun tashakkur!

– Sizga ham rahmat. Xalqimiz, vatanimiz saodati yo’lida hormay-tolmay mehnat qilayotgan sevimli oynomamiz “O‘zbekiston talabasi “ning barcha xodimlariga va mushtariylariga yaxshiliklar tilayman.

Ushbu maqola “O’zbekiston talabasi” jurnali 2023.05. №5(6) sonidan olindi.

2021-2024 yil Axborot-resurs markazi. Vebmaster: J.R. Rabbinov