Shopping Cart

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni

14 yanvar O’zbekiston Respublikasining suvereniteti, xududiy yaxlitligi, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qiladigan kasb egalari – Vatan himoyachilari kuni!

14 yanvar O’zbekiston Respublikasining suvereniteti, xududiy yaxlitligi, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qiladigan kasb egalari – Vatan himoyachilari kuni va O’zbekiston Respublikasi qurolli Kuchlari tashkil topgan kun sifatida nishonlanadi. Bayram sanasi O’zbekiston Respublikasi qurolli Kuchlari tarixidagi quyidagi eng muhim voqealar bilan bog’liqdir: 1991 yilning 31 avgust kuni «O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. Ushbu muhim hujjat yosh respublikamizga o’zining harbiy siyosatini yuritish huquqini berdi. Shu kuni e’lon qilingan «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to’g’risida»gi bayonot esa milliy qurolli Kuchlarimizni tashkil etish uchun huquqiy asos bo’lib xizmat qildi. 1991 yil 6 sentyabrdagi «Mudofaa ishlari vazirligini tashkil etish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni sohaning ilk poydevori sanaladi. 1992 yil 3 iyul kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligi O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga aylantirildi. 1992 yilning 14 yanvar kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining «O’zbekiston Respublikasi xududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o’quv muassasalari to’g’risida»gi qarori juda muhim tarixiy ahamiyatga egadir. Mazkur qarorga ko’ra davlatimiz hududidagi harbiy tuzilmalar respublika tasarrufiga olindi. 1993 yil 29 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarori bilan «14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni» deb belgilandi. Vatan himoyachilari kunini nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ayni vaqtda armiya saflarida o’z burchini o’tab qaytgan vatandoshlarimiz va ertaga xizmatga boradigan ming-minglab navqiron yigitlarning bayrami, deb qabul qilingan. Ushbu bayram munosabati bilan har yili tantanali tadbirlar o’tkaziladi, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo’mondonining Vatan himoyachilariga yo’llagan tabrigi chop etilib, unda qurolli Kuchlar oldida turgan eng dolzarb vazifalar belgilab beriladi. Ona yurtimiz har doim o’zining mard, jasur yigitlari bilan faxrlanib kelgan. Yigitlarimiz ota-ona va oilasini, o’zi yashayotgan yurt tuprog’ini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun doimo shay turishni burch deb hisoblagan. Ushbu bayramning nishonlanishi xalqimizning o’z milliy armiyasiga nisbatan cheksiz hurmatini, alp yigitlariga nisbatan iftixorini bildiradi. Institut jamoasi nomidan barcha Vatan himoyachilarini ushbu muborak bayram bilan tabriklaymiz hamda ularga oilaviy tinchlik-xotirjamlik, sog’liq-salomatlik tilab qolamiz. Hayotingiz doimo sharaf va zafarlarga to’liq bo’lsin. Vatanimiz osmoni doimo musaffo bo’lishi uchun har doimgidek o’z kuch-g’ayratingizni ayamang! Barchani Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklaymiz! Bayramingiz muborak azizlar!!!

Biringiz o’g’ilsiz, biringiz yorsiz, Biringiz inimiz, ishda hamkorsiz. Og’irimiz engil qilib doimo, Yaxshi hamki baxtimizga siz borsiz. Muhtojlik sezamiz himoyangizga, Va lek chidolmaymiz kinoyangizga. Yer va ko’kka sizni ishonmay, Doim aylanurmiz hamsoyangizga.

2021-2024 yil Axborot-resurs markazi. Vebmaster: J.R. Rabbinov